"Buyuklar izidan yashagan umr"
17.08.2026 08:11
20 marta ko'rildi
Mangu_xotira_barhayot_qadriyat
"Buyuklar izidan yashagan umr"
O'zbek adabiyoti taraqqiyotiga munosib hissa qo'shgan serqirra ijodkorlardan biri, Bobur nomidagi Xalqaro ilmiy ekspeditsiya a'zosi, Xalqaro Bobur mukofoti laureati, O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan madaniyat xodimi Qamchibek Kenja nafaqat iste'dodli shoir va nosir, balki publitsist, tarjimon, ma'rifat targ'ibotchisi sifatida xalqimiz ma'naviy hayotida o'ziga xos o'rin egallagan ijodkorlardan biridir.1985-yildan boshlab qariyb qirq yil davomida O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Andijon viloyati bo'limining mas'ul kotibi sifatida samarali mehnat qilib, viloyat adabiy muhitining rivojlanishiga, yosh iste'dodlarni tarbiyalashga va adabiy jarayonni rivojlantirishga katta hissa qo'shdi. Qamchibek Kenjaning ijodiy faoliyati serqirra va sermahsul bo'ldi. Uning dastlabki "Sog'inch" nomli she'riy to'plami 1975-yilda, "Yashil barg" hikoyalar to'plami esa 1977-yilda nashr etildi. Shundan so'ng ijodkorning "Ko'ngil ko'chalari", "Ishqing tushsa", "Orzumandlar", "Notanish gul", "Tog' yo'lida bir oqshom", "Sohildagi suv parisi", "Qizil gullar", "Sohibjamol ayol siri", "Kulgibaxsh umr", "Baxt qushi yoki ushalgan orzular", "Xamir uchidan patir yoxud kulcha hikoyalar", "Saylanma" singari o'nlab she'riy va nasriy kitoblari chop etildi. Ijodkor mohir tarjimon sifatida ham samarali faoliyat olib bordi.
Qamchibek Kenja hayotining eng sermazmun sahifalaridan biri Bobur nomidagi Xalqaro ilmiy ekspeditsiya bilan bog'liqdir. Mazkur ilmiy ekspeditsiyalar natijasida Qamchibek Kenja bir qator qimmatli safarnomalar va tarixiy-badiiy asarlar - "Hind sorig'a", "Buyuklar izidan", "Andijondan Dakkagacha", "Andijondan Bag'dodgacha", "Buyuk Sohibqiron o'tgan yo'llarda" kabi safarnomalarini yaratdi. Ayniqsa, Bobur xalqaro jamoat fondi faoliyati va boburshunos olimlarning mashaqqatli izlanishlariga bag'ishlangan "Boburiylardan biri" asari boburshunoslik yo'nalishidagi muhim badiiy-publitsistik asarlardan biri sifatida e'tirof etiladi. Shuningdek, u "Boburiylar izidan", "Bobur salomi" va "Buyuk Bobur vorislari" hujjatli filmlari ssenariylarining mualliflaridan biri sifatida ham Bobur merosini targ'ib etishga munosib hissa qo'shdi.Qamchibek Kenjaning adabiyot, ma'rifat va milliy madaniyat rivojiga qo'shgan xizmatlari munosib e'tirof etildi. U 1998-yilda "Shuhrat" medali, 2004-yilda Xalqaro Bobur mukofoti bilan taqdirlandi hamda "O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan madaniyat xodimi" faxriy unvoniga sazovor bo'ldi. Shuningdek, Andijon davlat universitetining Faxriy professori unvoni ham uning ko'p yillik samarali faoliyatiga berilgan yuksak baholardan biridir. Qamchibek Kenja umrining oxirigacha ijoddan, ilmiy izlanishlardan va ma'rifiy faoliyatdan chekinmadi. Hamyurtimiz ulug’ ustoz Qamchibek Kenja hayot bo'lganlarida muborak 80 yoshini qarshilagan bo'lardilar. Uning yorqin xotirasi va sermazmun ijodi xalqimiz ma'naviy xazinasining ajralmas qismi bo'lib qoladi.Izboskan tuman Axborot kutubxona markazi direktori boshchiligida markaz bibliograflari birgalikda ustozning xonodoniga tashrif buyurib, ustoz xaqqiga duoyi fotiha o'qilib, xonadon sohib va sohibalari bilan ustozni eslab suhbatlashib qaytildi. Biz uchun eng quvonarlisi ustozning 2026-yilda nashrdan chiqarilgan 10 jildlik “Saylanma” asarlari to'plami kutubxonamiz uchun sovg’a qilindi. Biz buning uchun ustozimizning o'g’il-qizlariga samimiy minnatdorchiligimizni bildiramiz. Ustozning oxiratlari obod bo'lsin.





Ijtimoiy tarmoqlarga a'zo bo'ling!
Yangiliklar va xabarlardan birinchi bo'lib xabardor bo'ling